O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ta’lim sifatini ta’minlash va ta’lim xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2025-yil 5-maydagi PF–76-son Farmoniga muvofiq ta’lim sifatini ta’minlash yo‘nalishida xalqaro aloqalarni kengaytirish, sifatni baholash sohasidagi xalqaro tashkilotlarga a’zo bo‘lish hamda milliy akkreditatsiya tizimining xalqaro darajada tan olinishini ta’minlash Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligining asosiy vazifalari hisoblanadi. Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim sifatini ta’minlash sohasida xalqaro integratsiyasini kengaytirish hamda milliy akkreditatsiya tizimini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish uchun Agentlik tomonidan Osiyo-Tinch okeani mintaqasi sifatni ta’minlash tarmog‘i (Asia-Pacific Quality Network) bilan muzokaralar olib borilib, joriy yilning 26-may kuni mazkur tarmoqning rasman to‘liq a’zoligiga erishildi.
APQN 2003-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda 45 dan ortiq mamlakat va hududlardan 200 dan ziyod sifatni ta’minlash agentliklari hamda oliy ta’lim muassasalarini birlashtiradi. Tashkilot kotibiyati Xitoyning Shanxay shahrida joylashgan. APQN oliy ta’lim sifatini ta’minlash sohasida transchegaraviy hamkorlikni rivojlantirish, ilg‘or tajribalarni almashish va uyg‘unlashgan yondashuvlarni targ‘ib etishga xizmat qiluvchi yetakchi mintaqaviy platformalardan biri hisoblanadi.
Tarmoq doirasida har yili APQN Akademik konferensiyasi (AAC), mintaqaviy seminarlar va malaka oshirish dasturlari tashkil etiladi. Shuningdek, Asia-Pacific Quality Register (APQR) orqali a’zo tashkilotlar o‘rtasida tizimli tajriba almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan.