O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligida korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Agentlik o‘z faoliyatida ochiqlik, shaffoflik, qonuniylik va korrupsiyaga nisbatan murosasizlik tamoyillariga qat’iy amal qilgan holda korrupsiyaning oldini olish, uning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish hamda xodimlar orasida halollik va mas’uliyat madaniyatini shakllantirishga qaratilgan tizimli choralarni amalga oshirib kelmoqda.
Agentlikda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”, “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunlari hamda tegishli normativ-huquqiy hujjatlar talablari asosida, shuningdek xalqaro tajriba va ISO 37001:2016 xalqaro standarti tavsiyalari hisobga olingan holda tashkil etilgan.
Agentlikda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish maqsadida quyidagi tizimli choralar amalga oshirilmoqda:
Korrupsiyaga qarshi siyosat va ichki hujjatlar joriy etilgan – Agentlikning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Siyosati, Odob-axloq qoidalari hamda manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish tartibi tasdiqlangan bo‘lib, ushbu hujjatlar Agentlik xodimlari faoliyatining muhim tamoyillarini belgilaydi.
Manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish tizimi sohasida – Xodimlar xizmat vazifalarini bajarishda shaxsiy manfaatlar ta’sirini oldini olish maqsadida manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan holatlarni o‘z vaqtida deklaratsiya qilishlari va tegishli tartibda hal etishlari belgilangan.
Komplayens nazorat tizimi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan – Agentlikda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini tashkil etish va nazorat qilish maqsadida komplayens nazorat bo‘yicha bosh inspektor lavozimi joriy etilgan bo‘lib, u bevosita Agentlik direktoriga bo‘ysunadi hamda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash, monitoring qilish va oldini olish choralarini ko‘radi.
Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash va baholash tizimi joriy etilgan – Agentlik faoliyatining turli yo‘nalishlarida korrupsiyaviy xavf-xatarlar muntazam ravishda tahlil qilinadi va kamida yiliga bir marotaba baholanadi. Aniqlangan xavf-xatarlarni kamaytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqiladi va amaliyotga joriy etiladi.
Shaffof kadrlar siyosati amalga oshirilmoqda – Bo‘sh ish o‘rinlariga qabul qilish, xodimlarni lavozimga tayinlash, baholash va rag‘batlantirish jarayonlari ochiq tanlov va shaffof mezonlar asosida amalga oshiriladi.
Davlat xaridlari va kontragentlar bilan ishlashda shaffoflik ta’minlanadi – Agentlik kontragentlarni tanlashda ularning ishonchliligini tekshiradi hamda barcha shartnomalarga korrupsiyaga qarshi maxsus shartlarni kiritadi.
Axborot texnologiyalaridan keng foydalanilmoqda – Korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirish maqsadida barcha jarayonlar raqamlashtirilgan, davlat xaridlari va tanlovlar elektron platformalar orqali amalga oshirilmoqda.
Monitoring, ichki nazorat mexanizmlari yo‘lga qo‘yilgan – Komplayens nazorat tizimi doirasida korrupsiyaga qarshi tartib-taomillarning samaradorligi muntazam monitoring qilinadi, natijalari bo‘yicha tegishli choralar ko‘riladi.
Korrupsiyaga qarshi madaniyatni shakllantirish borasida – Agentlikda xodimlarning korrupsiyaga qarshi huquqiy ongi va madaniyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xodimlar muntazam ravishda o‘quv seminarlarida ishtirok etadi, korrupsiyaga qarshi qonunchilik va ichki hujjatlar talablari bo‘yicha o‘qitiladi hamda test sinovlaridan o‘tkaziladi.
Korrupsiyaviy holatlar haqida xabar berish
Agentlik korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar yoki manfaatlar to‘qnashuvi holatlari haqida xabar berish uchun ochiq va qulay aloqa kanallarini joriy etgan. Jismoniy va yuridik shaxslar va xodimlar quyidagi aloqa vositalari orqali murojaat qilishlari mumkin:
- Ishonch telefoni: 55 505-30-30 (141)
- Elektron pochta: info@nqaae.uz
- Rasmiy veb-sayt: https://nqaae.uz
- Telegram bot: @nqaaeuzbot
- Manzil: 100011, Toshkent shahri, Universitet ko‘chasi, 7-uy
Kelib tushgan murojaatlar belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi hamda murojaatchining shaxsi maxfiyligi ta’minlanadi.
Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida qonuniylik, adolat, ochiqlik, halollik va shaffoflik tamoyillariga asoslangan zamonaviy boshqaruv tizimini shakllantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Agentlik o‘z faoliyatida korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga nisbatan murosasiz munosabatni ta’minlash, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni bartaraf etish hamda ta’lim sohasida halollik va adolat tamoyillarini mustahkamlash yo‘lida izchil ish olib bormoqda.