Agentlik qaysi taʼlim tashkilotlarini davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazadi?
Agentlik idoraviy mansubligi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar quyidagi taʼlim tashkilotlarini davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazadi:
1) oʻrta maxsus taʼlim tashkilotlari;
2) kasbiy taʼlim tashkilotlari;
3) oliy taʼlim tashkilotlari;
4) oliy taʼlimdan keyingi taʼlim tashkilotlari;
5) kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tashkilotlari.
Davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazishning asosiy vazifalari nima?
Davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazishning asosiy vazifalari quyidagilar:
1) taʼlim sifatini taʼminlash va yanada yaxshilash boʻyicha rahbar xodimlarning masʼuliyati hamda hisobdorligini oshirish;
2) taʼlim sifatini oshirishni qoʻllab-quvvatlash va sifat madaniyatini shakllantirishga har tomonlama koʻmaklashish;
3) taʼlim oluvchilarni sifatsiz taʼlim xizmatlaridan himoya qilish;
4) taʼlim sifatiga qoʻyiladigan minimal talablarga rioya etilishini taʼminlash;
5) mehnat bozori talablariga muvofiq va sifatli taʼlim xizmatlari koʻrsatilayotgani boʻyicha keng jamoatchilik oʻrtasida ishonchni oshirish.
Akkreditatsiya sertifikati nima?
Akkreditatsiya sertifikati – bu akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli oʻtgan taʼlim tashkilotlariga (kompleks) yoki taʼlim tashkilotlarining taʼlim dasturlariga (maxsus) beriladigan hujjat.
Akkreditatsiya tashkilotlari qanday tashkilotlar hisoblanadi?
Akkreditatsiya tashkilotlari – bu Agentlik tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida faoliyatini amalga oshirishga ruxsat berilgan va akkreditatsiya tashkilotlarining reestriga kiritilgan xalqaro, xorijiy va nodavlat akkreditatsiya tashkilotlari hisoblanadi.
Xalqaro akkreditatsiya qanday jarayon?
Xalqaro akkreditatsiya – bu akkreditatsiya tashkilotlari reestriga kiritilgan xalqaro akkreditatsiya tashkilotlari tomonidan taʼlim dasturlarini akkreditatsiyadan oʻtkazish jarayoni.
Kompleks davlat akkreditatsiyasi nima?
Kompleks davlat akkreditatsiyasi – bu taʼlim tashkilotlarini tashqi baholash natijalariga asoslangan jarayon.
Kompleks davlat akkreditatsiyasi qaysi davrlarda oʻtkaziladi?
Taʼlim tashkilotlari Agentlik tomonidan tasdiqlangan reja-jadval asosida har besh yilda kompleks davlat akkreditatsiyasidan oʻtkaziladi.
Maxsus davlat akkreditatsiyasi nima?
Maxsus davlat akkreditatsiyasi – bu taʼlim tashkilotlaridagi taʼlim dasturlarini tashqi baholash natijalariga asoslangan jarayon.
Maxsus davlat akkreditatsiyasi qachon oʻtkaziladi?
Maxsus davlat akkreditatsiyasi taʼlim tashkilotlarida taʼlim dasturlari boʻyicha oʻquv jarayoni boshlanishidan oldin amalga oshiriladi.
Davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazishning qanday bosqichlardan iborat?
Davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish bosqichlari quyidagilar:
1-bosqich — arizani rasmiylashtirish;
2-bosqich — taʼlim sifatini ichki baholash;
3-bosqich — taʼlim sifatini tashqi baholash;
4-bosqich — davlat akkreditatsiyasi boʻyicha yakuniy qaror qabul qilish.
Davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazishda arizalar qay tartibda qabul qilinadi?
Davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish toʻgʻrisida arizalar Agentlikning “Akkreditatsiya” platformasida elektron shaklda, zaruratga koʻra, tasdiqlangan qogʻoz shaklida qabul qilinadi.
Davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish toʻgʻrisidagi arizaga qanday hujjatlar ilova qilinadi?
Davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish toʻgʻrisidagi arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
1) litsenziya/yuridik shaxsning guvohnoma nusxasi;
2) mavjud akkreditatsiya sertifikati va hisoboti nusxasi (kompleks davlat akkreditatsiyasi uchun);
3) arizani koʻrib chiqish uchun belgilangan miqdordagi yigʻimlarni amalga oshirganlik toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma;
4) davlat akkreditatsiyasi jarayonlariga biriktirilgan masʼul xodimning maʼlumotlari (taʼlim tashkiloti birinchi rahbari tomonidan tasdiqlangan holda).
Akkreditatsiya komissiyasi nima?
Ekspert komissiyasi tomonidan yakuniy hisobot asosida tayyorlangan xulosani koʻrib chiqish va taʼlim tashkiloti (dasturi)ni davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish boʻyicha yakuniy qaror qabul qilish uchun Agentlikda doimiy faoliyat yurituvchi Akkreditatsiya komissiyasi tuziladi.
Akkreditatsiya komissiyasi tarkibi Agentlik direktori buyrugʻi bilan tasdiqlanadi. Akkreditatsiya komissiyasi tarkibiga vazirlik, idora, tashkilot mutaxassislari, ish beruvchi va taʼlim oluvchilarning vakillari hamda xorijiy ekspertlar jalb etiladi.
Agentlik direktori Akkreditatsiya komissiyasining raisi hisoblanadi.
Taʼlim tashkiloti oʻz tashabbusi bilan taʼlim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazishi mumkinmi?
Taʼlim tashkilotlari taʼlim dasturlarining xalqaro miqyosda eʼtirof etilishiga erishish maqsadida oʻz tashabbusi bilan akkreditatsiya tashkilotlari reyestriga kiritilgan xalqaro akkreditatsiya tashkilotlaridan taʼlim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan oʻtkazishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlar bilan birgalikda tashkil etilgan taʼlim tashkilotlari hamda hududida faoliyat koʻrsatayotgan xorijiy davlatlarning taʼlim tashkilotlari filiallarining taʼlim dasturlari akkreditatsiyadan qanday tartibda oʻtkaziladi?
Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlar bilan birgalikda tashkil etilgan taʼlim tashkilotlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi hududida faoliyat koʻrsatayotgan xorijiy davlatlarning taʼlim tashkilotlari filiallarining taʼlim dasturlari asosiy taʼlim tashkiloti bilan birgalikda oʻzining davlatida tegishli vakolatli organidan akkreditatsiyadan oʻtkazilgani boʻyicha natijalari tan olinadi.
Ushbu taʼlim tashkilotlari taʼlim dasturlarining akkreditatsiyadan oʻtganligi toʻgʻrisidagi yoki unga tenglashtirilgan hujjatni olganidan soʻng, uning nusxasini ikki hafta muddatda Agentlikka taqdim etishi lozim.
Taʼlim tashkiloti (dasturi)ning akkreditatsiyadan oʻtmagani yoki davlat akkreditatsiyasi talablariga muvofiq emasligi aniqlanganda, Agentlik tomonidan navbatdan tashqari davlat akkreditatsiyasiga jalb etiladi.
Taʼlim tashkiloti “davlat akkreditatsiyasidan oʻtmadi” deb eʼtirof etilganda nimalarga ruxsat berilmaydi?
Taʼlim tashkiloti «davlat akkreditatsiyasidan oʻtmadi» deb eʼtirof etilganda quyidagilarga ruxsat berilmaydi:
1) taʼlim tashkilotiga oid reklama maʼlumotlarini tarqatishga;
2) abituriyent va talabgorlarni oʻqishga qabul qilishga;
3) talaba (oʻquvchi)lari uchun taʼlim kreditlari ajratilishiga;
4) bitiruvchilariga diplom (sertifikat, malaka attestati)lar berilishi yoki ularning tan olinishiga.
Kompleks davlat akkreditatsiyasidan oʻtmagan taʼlim tashkilotiga qanday choralar koʻriladi?
Kompleks davlat akkreditatsiyasidan oʻtmagan taʼlim tashkilotiga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun 6 (olti) oy muddat beriladi.
Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etmagan taʼlim tashkiloti rahbariyatining lavozimida faoliyatini yuritish yoki yuritmaslik masalasi yuzasidan boʻysunuvi boʻyicha tegishli vazirlik, idora va tashkilotga, shuningdek, nodavlat taʼlim tashkiloti muassisiga Agentlik tomonidan taqdimnoma kiritiladi.
Faoliyati tugatilgan (litsenziyasi bekor qilingan) oʻrta maxsus, kasbiy, oliy taʼlim tashkiloti yoki yopilgan taʼlim dasturida tahsil oluvchilar oʻqishini qayerda davom ettiradi?
Faoliyati tugatilgan (litsenziyasi bekor qilingan) oʻrta maxsus, kasbiy, oliy taʼlim tashkiloti yoki yopilgan taʼlim dasturida tahsil oluvchilar oʻqishini davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlarining mos va turdosh taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklariga koʻchirish belgilangan tartibda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda amalga oshiriladi.