Idoraviy mansubligi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar oʻrta maxsus, kasbiy, oliy, oliy taʼlimdan keyingi taʼlim, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tashkilotlari hamda ularning taʼlim dasturlari kompleks va maxsus davlat akkreditatsiyasidan oʻtkaziladi.
Kompleks davlat akkreditatsiyasi har 5 yilda amalga oshiriladi. Maxsus davlat akkreditatsiyasi esa yangi joriy etilayotgan taʼlim dasturlari boʻyicha oʻquv jarayoni boshlanishidan avval oʻtkaziladi.
Arizalar Agentlikning “Akkreditatsiya” platformasi orqali elektron shaklda qabul qilinadi.
Maxsus davlat akkreditatsiyasi boʻyicha arizalar har yili 1-oktabrdan – kelgusi yilning
31-yanvarigacha qabul qilinadi.
Kompleks davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish toʻgʻrisida arizalar taʼlim tashkilotining akkreditatsiyadan oʻtganlik toʻgʻrisidagi sertifikati muddati tugaydigan oʻquv yilidan oldingi oʻquv yilining 15-sentabriga qadar qabul qilinadi.
Ichki baholash – taʼlim tashkilotining belgilangan ichki sifatni taʼminlash mezonlari asosida oʻz faoliyati samaradorligini kuzatishi, tahlil qilishi, baholashi va uni takomillashtirish choralarini koʻrish jarayoni.
Taʼlim tashkiloti ichki baholash natijalari asosida shakllantirilgan hisobot va tegishli materiallarni elektron shaklda Agentlikka quyidagi muddatlarda taqdim etadi:
Maxsus akkreditatsiya uchun – tashqi baholash boshlanishidan kamida bir oy oldin;
Kompleks akkreditatsiya uchun – tashqi baholash boshlanishidan kamida ikki oy oldin.
Tashqi baholash ekspert komissiyasi tomonidan joyiga chiqqan holda amalga oshiriladi.
Maxsus davlat akkreditatsiyasi – besh ish kunidan oshmagan muddatda oʻtkaziladi.
Kompleks davlat akkreditatsiyasi – oʻn ish kunidan oshmagan muddatda oʻtkaziladi.
Tashqi baholash boʻyicha tayyorlangan yakuniy hisobot asosida xulosa shakllantiriladi. Ushbu xulosani koʻrib chiqish va taʼlim tashkiloti (yoki taʼlim dasturi)ni davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish boʻyicha yakuniy qaror qabul qilish uchun Agentlik huzurida doimiy faoliyat yurituvchi Akkreditatsiya komissiyasi tashkil etiladi.
Akkreditatsiya komissiyasi tomonidan har bir baholash yoʻnalishi “muvofiq” deb eʼtirof etilganda, taʼlim tashkiloti (dastur)lari “davlat akkreditatsiyasidan oʻtdi” deb, “muvofiq emas” deb eʼtirof etilganda esa “davlat akkreditatsiyasidan oʻtmadi” deb qaror qabul qilinadi.
Taʼlim tashkiloti (dastur)lari “davlat akkreditatsiyasidan oʻtdi” deb eʼtirof etilganda, davlat akkreditatsiyasidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi sertifikat taʼlim tashkilotiga beriladi.
Sertifikat navbatdagi kompleks davlat akkreditatsiyasi oʻtkazilgunga qadar amal qiladi.
Akkreditatsiya komissiyasi taʼlim tashkilotlari faoliyatining davlat taʼlim standartlari, davlat taʼlim talablari hamda taʼlim dasturlariga muvofiqligini eʼtirof etish bilan birgalikda, uning maqomini ham belgilaydi.
Akkreditatsiya komissiyasi xulosalariga asosan Agentlikning rasmiy veb-saytida barcha uchun ochiq boʻlgan “Davlat akkreditatsiyasi reyestri” yuritiladi. Davlat akkreditatsiyasi reyestrida taʼlim tashkilot (dastur)lari davlat akkreditatsiyasidan oʻtgan yoki oʻtmagani toʻgʻrisida maʼlumot hamda yakuniy hisobot joylashtiriladi.