Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi (Agentlik) qanday tashkilot hisoblanadi?
Taʼlim va malakalarni baholash sohalarida tashqi sifat nazoratini amalga oshiruvchi maxsus vakolatli davlat organi hisoblanadi.
Tashqi baholash qanday jarayon?
Tashqi baholash – bu taʼlim tashkiloti faoliyatini, kadrlar tayyorlash mazmuni, darajasi va sifatining davlat taʼlim standartlari (talablari) hamda akkreditatsiya mezonlariga muvofiqligini Agentlik tomonidan baholash jarayoni.
Ichki va tashqi baholash metodologiyasi kim tomonidan ishlab chiqiladi?
Ichki va tashqi baholash metodologiyasi Agentlik tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
Taʼlim sifatini tashqi baholash uchun Ekspert komissiyalari qanday tuziladi?
Taʼlim sifatini tashqi baholash uchun Agentlik tomonidan Ekspert komissiyalari kasblar, taʼlim yoʻnalishlari, mutaxassisliklar, ixtisosliklar, kurslarning xususiyatidan kelib chiqqan holda tuziladi.
Ekspert komissiyalarining vazifalari nimalardan iborat?
Ekspert komissiyalarining vazifalari quyidagilardan iborat:
1) ichki baholash natijalari boʻyicha olingan maʼlumotlarni ekspertizadan oʻtkazish hamda tashqi baholashni amalga oshirish;
2) taʼlim tashkilotidagi taʼlim sifati va mazmunining davlat taʼlim standartlari(talablari), akkreditatsiya mezonlari va taʼlim dasturlariga muvofiqligi hamda koʻrsatilayotgan taʼlim xizmatlarining sifati va samaradorligini baholash;
3) taʼlim sifatini oshirish va taʼlim xizmatlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar berish hamda tashqi baholash natijalari yuzasidan hisobotni tayyorlash va Akkreditatsiya komissiyasiga taqdim etish.
Tashqi baholashni masofaviy shaklda amalga oshirish mumkinmi?
Taʼlim tashkiloti tomonidan taqdim qilingan ichki baholash hisoboti asosida ekspert komissiyasi joyiga chiqmasdan, masofaviy shaklda tashqi baholashni amalga oshirishi mumkin.
Xalqaro, xorijiy va nodavlat akkreditatsiya tashkilotlari reestri kim tomonidan yuritiladi?
Oʻzbekiston Respublikasida tan olinadigan xalqaro, xorijiy va nodavlat akkreditatsiya tashkilotlari reyestrini Agentlik yuritadi.
Navbatdan tashqari oʻrganish qanday shaklda tashkil etiladi?
Navbatdan tashqari oʻrganish taʼlim tashkilotiga tashrif buyurish, tegishli maʼlumotlarni soʻrash yoki onlayn soʻrovnomalar asosida tashkil etiladi.
Davlat akkreditatsiyasining maqsadi nima?
Davlat akkreditatsiyasining maqsadi – bu taʼlim tashkilotlarida taʼlim sifatini taʼminlash va muntazam ravishda oshirish orqali taʼlim tashkiloti (dasturi)ning ishonchliligini rasman eʼtirof etishdan iborat.