9 Fevral, 2026
493
Bugungi kunda O‘zbekistonda o‘rta maxsus va kasbiy ta’lim tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish, shuningdek, ta’lim sifatini baholash bo‘yicha malakali ekspertlarni tayyorlash borasidagi ishlar izchil va tizimli tarzda amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda xalqaro tajriba hamda ilg‘or amaliyotlarni joriy etish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda o‘rta maxsus va kasbiy ta’lim tizimida davlat akkreditatsiyasi jarayonlarini samarali tashkil etishga qaratilgan seminar-treninglar tashkil etildi.
Mazkur tadbirlar doirasida ta’lim sifatini ta’minlash sohasidagi xalqaro ekspert Dana Karmen xonim jalb qilindi. Xalqaro ekspert ishtiroki seminar-treninglarning amaliy ahamiyatini yanada oshirdi hamda jarayonlarga xalqaro yondashuvlarni uyg‘unlashtirish imkonini berdi.
Xususan, joriy yilning 4-5-fevral kunlari Toshkent turizm va mehmonxona menejmenti texnikumi hamda Shayxontohur tuman texnikumida ichki baholash hisobotlarini shakllantirish bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazildi. Ushbu mashg‘ulotlarda nafaqat mezbon ta’lim tashkilotlari, balki akkreditatsiya jarayonlariga jalb etilgan boshqa texnikumlar va akademik litseylar vakillari ham ishtirok etib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.
Shuningdek, joriy yilning 6-fevral kuni xalqaro ekspert ishtirokida 40 nafar o‘rta maxsus va kasbiy ta’lim tashkilotlari sifatini baholash bo‘yicha ekspertlar uchun seminar-trening tashkil etildi. Tadbirda Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi direktori Baxtiyor Yuldashev hamda YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sara Noshadi xonim ishtirok etib, ekspertlar zimmasiga yuklatilgan mas’uliyatli va sharafli vazifalar haqida alohida to‘xtalib o‘tdilar.
Seminar-trening davomida ishtirokchilarga Agentlik faoliyati, ta’lim sifatini baholash tartib-taomillari, ekspertlik huquq va majburiyatlari yuzasidan batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Shuningdek, Dana Karmen xonim tomonidan indikatorlarga muvofiq ichki baholash hisobotlarini tahlil qilish, ularning muvofiqligini aniqlash bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Ayni paytda xalqaro ekspert Dana Karmen xonim ishtirokidagi seminar-treninglar davom etmoqda. Ushbu seminar-treninglar o‘rta maxsus va kasbiy ta’lim tizimida sifatni ta’minlash, shaffoflikni oshirish va xalqaro standartlarga mos akkreditatsiya mexanizmlarini joriy etish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.