Menyu

ITEA bilan strategik hamkorlik yo‘lga qo‘yildi

8 Aprel, 2026

77

Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi hamda International Transnational Education Association (ITEA) – Xalqaro transmilliy ta’lim assotsiatsiyasi o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuv zamonaviy global ta’lim muhitida transmilliy ta’limni rivojlantirish, sifat ta’minoti tizimini takomillashtirish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalariga bag‘ishlandi.

Uchrashuv davomida tomonlar xalqaro ta’lim makonida yuz berayotgan zamonaviy tendensiyalar, ta’lim sifatini ta’minlashning innovatsion mexanizmlari hamda milliy ta’lim tizimini global standartlarga mos ravishda rivojlantirish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashdilar. Xususan, transmilliy ta’lim dasturlarini kengaytirish, akademik hamkorlikni mustahkamlash hamda ta’lim sifatini xalqaro mezonlar asosida baholash tizimini takomillashtirish dolzarb yo‘nalishlar sifatida qayd etildi.

Muzokaralar yakuniga ko‘ra, tomonlar bir qator ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar. Jumladan, oliy va professional ta’lim muassasalari uchun zamonaviy o‘quv dasturlari hamda kasbiy standartlarni xalqaro mezonlar asosida birgalikda ishlab chiqish, ta’lim sifatini ta’minlash, akkreditatsiya va monitoring tizimlari bo‘yicha ekspertlar salohiyatini oshirishga qaratilgan kompleks trening va malaka oshirish dasturlarini amalga oshirish rejalashtirildi.

Shuningdek, akademik mobillikni rivojlantirish, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, ishlab chiqarish bilan integratsiyalashgan ta’lim (work-based learning) mexanizmlarini joriy etish, amaliy va sanoatga yo‘naltirilgan kasbiy ko‘nikmalarni rivojlantirish uchun zamonaviy o‘quv-amaliy bazalarni tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Bundan tashqari, xalqaro sifat ta’minoti standartlari, jumladan ESG va EQAVET tamoyillari asosida milliy ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, global akkreditatsiya tizimlari bilan integratsiyani chuqurlashtirish, xalqaro konferensiyalar, forumlar va simpoziumlarni birgalikda tashkil etish orqali ilmiy hamkorlikni kengaytirish ham ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.

Tomonlar transmilliy ta’lim (TNE) dasturlarini rivojlantirish, qo‘shma ta’lim dasturlari, qo‘shma institutlar va innovatsion akademik loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, rasmiy tashriflar va tajriba almashish dasturlarini tizimli ravishda yo‘lga qo‘yish masalalarida ham o‘zaro kelishuvga erishdilar.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘rtasida strategik hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan Hamkorlik Memorandumi (MoU) imzolandi. Mazkur hujjat ta’lim sifatini ta’minlash, transmilliy ta’limni rivojlantirish hamda xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan uzoq muddatli maqsadlarni o‘zida mujassam etadi.

Memorandumga muvofiq, Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi xalqaro platforma doirasidagi tashabbuslar, almashinuv dasturlari va qo‘shma loyihalarda faol ishtirok etadi. Ushbu hamkorlik O‘zbekiston ta’lim tizimining xalqaro integratsiyasini jadallashtirish, uning global raqobatbardoshligini oshirish hamda sifat ta’minoti tizimini ilg‘or xalqaro tajribalar asosida rivojlantirishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, hamkorlik doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar va istiqboldagi tashabbuslar aniq kelishib olindi. Bu esa mamlakatimiz ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, uning xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashini ta’minlash yo‘lida muhim qadam sifatida baholanmoqda.

Powered by GSpeech