Menyu

Ta’lim sifati — taraqqiyot mezoni: O‘zbekistonda davlat akkreditatsiyasining yangi bosqichi

1 May, 2026

306

O‘zbekistonda ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish, uni xalqaro standartlar darajasiga olib chiqish hamda kadrlar tayyorlash sifatini oshirishga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 6-avgustda qabul qilingan 498-son qarori muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Mazkur qarorga muvofiq, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan barcha davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlarini kompleks hamda maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazishning yangi tizimi joriy etildi.

Ushbu jarayonlarni amalga oshirish vakolati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligiga yuklatilgan bo‘lib, u ta’lim sifatini baholashda markaziy va maxsus vakolatli organ sifatida faoliyat yuritmoqda.

Bugungi kunda respublikadagi 207 ta oliy ta’lim tashkilotidan 91 tasi 1492 ta ta’lim dasturi bo‘yicha davlat akkreditatsiyasidan o‘tish uchun ariza topshirgan. Ushbu arizalarning 71 tasi, ya’ni 1096 ta ta’lim dasturi bo‘yicha murojaatlar qabul qilingan.

Davlat akkreditatsiyasi jarayoni bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. U arizani rasmiylashtirishdan boshlanib, ichki baholash, tashqi baholash va yakuniy qaror qabul qilish bosqichlarini o‘z ichiga oladi. Bu tizim ta’lim tashkilotlarining o‘z faoliyatini tanqidiy tahlil qilish, kamchiliklarni bartaraf etish va sifatni oshirishga xizmat qiladi.

Kompleks davlat akkreditatsiyasi ta’lim dasturlari bo‘yicha bitiruvchilari mavjud bo‘lgan oliy ta’lim tashkilotlari uchun har besh yilda bir marotaba o‘tkaziladi. Ayni paytda 19 ta tashkilot 753 ta ta’lim dasturi bo‘yicha kompleks akkreditatsiyadan o‘tish uchun ariza topshirgan bo‘lib, ularda ichki baholash jarayonlari olib borilmoqda.

Shuningdek, yangi joriy etilayotgan ta’lim dasturlari uchun maxsus davlat akkreditatsiyasi tizimi amal qiladi. Hozirga qadar 52 ta tashkilotdan 443 ta ta’lim dasturi bo‘yicha arizalar kelib tushgan. Ularning bir qismida ichki baholash, yana bir qismida esa tashqi baholash jarayonlari izchil amalga oshirilmoqda.

Ta’lim sifatini xolis va shaffof baholashda xalqaro tajribaga tayanish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda tashqi baholash jarayonlariga 300 dan ortiq mahalliy yetakchi olimlar hamda dunyodagi eng nufuzli universitetlar qatoriga kiruvchi oliy ta’lim muassasalarining 100 dan ortiq xorijlik professor-o‘qituvchilari jalb etilgan. Bu esa baholash jarayonlarining jahon standartlariga mos ravishda tashkil etilayotganini ko‘rsatadi.

Shuni ta’kidlash joizki, ayni kunlarda oliy ta’lim tashkilotlarida maxsus davlat akkreditatsiyasi jarayonlari izchil ravishda amalga oshirilmoqda. Xususan, Toshkent shahrida joylashgan Turkiy davlatlar xalqaro universitetida yangi o‘quv yili uchun rejalashtirilgan 5 ta ta’lim dasturi maxsus davlat akkreditatsiyasi doirasida joyiga chiqqan holda atroflicha o‘rganildi.

Tashqi baholash jarayonlarida ekspertlar tomonidan universitet faoliyati quyidagi asosiy yo‘nalishlar kesimida kompleks tahlil qilindi:

— universitet rahbariyati hamda mas’ul mutaxassislar bilan mazmunli uchrashuvlar o‘tkazildi;

— o‘quv auditoriyalari va laboratoriyalar holati o‘rganildi;

— moddiy-texnik baza va infratuzilmaning zamonaviy talablarga muvofiqligi baholandi;

— axborot-resurs markazi hamda raqamli ta’lim tizimining samaradorligi tahlil etildi.

Mazkur o‘rganishlar ta’lim dasturlarining sifat darajasini aniqlash, ularni takomillashtirish bo‘yicha aniq tavsiyalar ishlab chiqishga xizmat qilmoqda.

Darhaqiqat, davlat akkreditatsiyasining yangi tizimi ta’lim muassasalari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, ularning xalqaro raqobatbardoshligini oshirish hamda mamlakat taraqqiyoti uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ta’lim sifatiga qaratilgan bunday tizimli va izchil yondashuv O‘zbekistonning barqaror rivojlanish strategiyasida muhim o‘rin tutadi.

Powered by GSpeech