10 Iyun, 2026
19
2026-yil 3-iyun kuni Toshkent shahridagi Hyatt Regency mehmonxonasida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Taʼlim sifatini ta’minlash milliy agentligi hamda Germaniyaning Xalqaro Biznes Boshqaruvi Akkreditatsiyasi Jamg‘armasi (Foundation for International Business Administration Accreditation) hamkorligida “Tamoyildan amaliyotgacha: oliy ta’lim tashkilotlarida sifatni ta’minlash boshqaruvi va xalqaro akkreditatsiyaga eltuvchi yo‘l” mavzusida xalqaro seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Ushbu seminar-treningda 200 dan ortiq oliy ta’lim tashkilotlari vakillari, jumladan, xalqaro ekspertlar, xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektorlar, ta’lim sifatini ta’minlashga mas’ul rahbarlar hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Shu bilan birga, Yevropa, Markaziy Osiyo va boshqa mintaqalardagi oliy ta’lim muassasalari uchun sifatni ta’minlash, institutsional rivojlanish va xalqaro akkreditatsiya masalalariga bag‘ishlangan seminar-treninglar hamda ekspertlik dasturlarini amalga kelayotgan FIBAA boshqaruvchi direktori Dr. Nina Rotermund hamda FIBAA xalqaro akkreditatsiya jarayonlari bo‘limi rahbari Yuliya Bleshmud ishtirok etdi.
Tadbirning asosiy maqsadi oliy ta’lim tashkilotlarida sifatni ta’minlash tizimini takomillashtirish, ichki sifat kafolati mexanizmlarini rivojlantirish, xalqaro akkreditatsiya standartlari va ilg‘or amaliyotlar bilan tanishtirish, shuningdek, institutsional rivojlanish masalalari yuzasidan xalqaro tajriba almashishni yo‘lga qo‘yishdan iborat.
Seminar-trening dasturi doirasida xalqaro ekspertlar tomonidan oliy ta’limda sifatni ta’minlashning zamonaviy yondashuvlari, institutsional boshqaruv mexanizmlari hamda xalqaro akkreditatsiya standartlariga bag‘ishlangan ma’ruzalar taqdim etiladi. Shuningdek, FIBAA ekspertlari ishtirokida ta’lim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish jarayonlari, o‘z-o‘zini baholash hisobotlarini tayyorlash, ekspertlar tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish va ichki sifat kafolati tizimini samarali tashkil etish masalalari yuzasidan amaliy seminar-treninglar tashkil etiladi. Tadbir davomida savol-javob va netvorking sessiyalari, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida tajriba almashish uchrashuvlari hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan muloqotlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
E’tiborli jihati shundaki, ushbu xalqaro seminar doirasida Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi hamda Foundation for International Business Administration Accreditation o‘rtasida hamkorlik memorandumini rasmiy imzolash marosimi ham bo‘lib o‘tadi.
Ma’lumot uchun, FIBAA – Germaniya, Avstriya va Shveysariya biznes assotsiatsiyalari tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, 30 yildan ortiq tajribaga ega FIBAA bugungi kunga qadar 35 dan ortiq mamlakatdagi 400 dan ziyod oliy ta’lim tashkilotlarida 5 600 dan ortiq ta’lim dasturlarini akkreditatsiyadan o‘tkazgan. Agentlik faoliyatida 1 100 dan ortiq xalqaro ekspertlar jalb etilgan bo‘lib, 60 dan ortiq institutsional akkreditatsiyalar amalga oshirilgan.
FIBAA akkreditatsiyasi ta’lim dasturlariga xalqaro tan olinishi, mustaqil ekspert bahosi, chuqur tahlil va samarali akkreditatsiya jarayonlari orqali ta’lim sifatini oshirish imkonini beradi. Shuningdek, mazkur akkreditatsiya akademik mobillik, xalqaro hamkorlik va oliy ta’lim muassasalarining global nufuzini mustahkamlashga xizmat qiladi. Mazkur seminar-trening oliy ta’lim muassasalarida sifatni ta’minlash tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, samarali boshqaruv mexanizmlarini joriy etish hamda xalqaro akkreditatsiya jarayonlari bo‘yicha ilg‘or tajribalarni ommalashtirishga xizmat qiladi.