Menyu

“Savdo va servis” nodavlat ta’lim tashkilotida maxsus davlat akkreditatsiyasining tashqi baholash jarayonlari o‘tkazildi

10 Sentyabr, 2026

27

“Savdo va servis” yuridik shaxslar birlashmasi nodavlat ta’lim tashkilotida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan xorijiy ekspert ishtirokida maxsus davlat akkreditatsiyasi doirasida tashqi baholash jarayonlari o‘tkazildi.

Mazkur jarayon kadrlarni qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimida ta’lim sifatini xalqaro mezonlar asosida baholash, ta’lim dasturlarining mehnat bozori talablariga muvofiqligini aniqlash hamda ularning amaliy samaradorligini o‘rganishga qaratildi.

Akkreditatsiya doirasida “Savdo va servis” yuridik shaxslar birlashmasi nodavlat ta’lim tashkilotida amalga oshirilayotgan to‘rtta ta’lim dasturi maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazildi. Jumladan:

  • “Nonvoy-tandirchi”;
  • “Go‘shtni parchalash va ishlov berish”;
  • “Sotuvchi-kassir”;
  • “Tovarshunos”.

Tashqi baholash jarayonlari davomida mahalliy va xorijiy ekspertlar tomonidan mazkur ta’lim dasturlarining mazmuni, ularning bozor munosabatlari sharoitida shakllangani, ish beruvchilar talablari va real ehtiyojlari asosida ishlab chiqilgani hamda mehnat bozori talablariga muvofiqligi atroflicha o‘rganildi.

Shuningdek, ta’lim tashkilotining moddiy-texnik bazasi, o‘quv jarayonini tashkil etish imkoniyatlari, ta’lim berish uchun yaratilgan shart-sharoitlar, amaliy mashg‘ulotlar bazasi hamda ta’lim jarayonida raqamli texnologiyalardan foydalanish darajasiga ham alohida e’tibor qaratildi.

Ta’lim sifati — mehnat bozori ehtiyojlari bilan uyg‘unlikda

Bugungi kunda kasbiy ta’lim sifatini baholashda ta’lim dasturining faqat nazariy mazmuni emas, balki uning real mehnat bozori bilan uzviy bog‘liqligi ham muhim mezonlardan biri hisoblanadi.

Shu nuqtayi nazardan, akkreditatsiya jarayonida mazkur ta’lim dasturlarida o‘quvchilarga berilayotgan bilim va ko‘nikmalarning tegishli kasblar bo‘yicha zamonaviy ishlab chiqarish talablari bilan uyg‘unligi, bitiruvchilarning amaliy faoliyatga tayyorgarligi hamda ish beruvchilarning ehtiyojlariga mosligi tahlil qilindi.

Xususan, “Nonvoy-tandirchi”, “Go‘shtni parchalash va ishlov berish”, “Sotuvchi-kassir” hamda “Tovarshunos” kabi kasblar bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlashda amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, xizmat ko‘rsatish madaniyati va mehnat bozori talablariga mos kompetensiyalarni rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Bu esa akkreditatsiya jarayonining asosiy maqsadlaridan biri — ta’lim mazmunini iqtisodiyot va mehnat bozori ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirishga xizmat qiladi.

Xalqaro ekspert ishtiroki — akkreditatsiya jarayonlarida yangi tajriba

Mazkur akkreditatsiya jarayonining muhim jihatlaridan biri — kadrlarni qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimida nodavlat ta’lim tashkilotini maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazishda ilk bor xalqaro ekspertning ishtirok etganidir.

Jarayonga Angliyaning G‘arbiy Angliya universiteti (University of the West of England) professori Vlasios Sarantinos xalqaro ekspert sifatida jalb qilindi.

Xalqaro ekspertning akkreditatsiya jarayonidagi ishtiroki ta’lim sifatini baholashga xalqaro tajriba va zamonaviy yondashuvlarni tatbiq etish, baholash mezonlarining xolisligi va shaffofligini yanada mustahkamlash, shuningdek, milliy akkreditatsiya amaliyotini xalqaro tajriba bilan uyg‘unlashtirish nuqtayi nazaridan muhim ahamiyatga ega.

Bu kabi hamkorlik, o‘z navbatida, O‘zbekistonda ta’lim sifatini ta’minlash tizimining xalqaro professional hamjamiyat bilan aloqalari tobora kengayib borayotganini ham ko‘rsatadi.

Akkreditatsiya — sifatni baholashdan rivojlanish sari

Ta’lim sifatini tashqi baholash jarayonlarida asosiy e’tibor nafaqat mavjud holatni aniqlashga, balki ta’lim tashkilotining kelgusidagi rivojlanish istiqbollarini belgilashga ham qaratiladi. Shu ma’noda, akkreditatsiya ta’lim tashkiloti faoliyatini baholashning yakuniy bosqichi emas, balki sifatni muntazam takomillashtirib borishga xizmat qiladigan strategik mexanizm sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Xalqaro ekspert professor Vlasios Sarantinos ta’kidlaganidek:

“Akkreditatsiya ta’lim sifatini baholashning yakuniy nuqtasi emas, balki ta’lim tashkiloti, ish beruvchi va jamiyat ehtiyojlarini yagona maqsad — raqobatbardosh inson kapitalini shakllantirish atrofida birlashtiradigan strategik mexanizmdir”.

Mazkur yondashuv bugungi kunda ta’lim sifatiga qo‘yilayotgan zamonaviy talablarning mohiyatini yaqqol ifodalaydi. Zero, sifatli ta’lim — bu faqat o‘quv jarayonining to‘g‘ri tashkil etilishi emas, balki uning natijasi jamiyat, iqtisodiyot va mehnat bozori ehtiyojlariga qanchalik javob berishi bilan ham belgilanadi.

“Savdo va servis” yuridik shaxslar birlashmasi nodavlat ta’lim tashkilotida o‘tkazilgan maxsus davlat akkreditatsiyasining tashqi baholash jarayoni ham aynan shu tamoyillarga asoslangan holda tashkil etildi. Unda ta’lim dasturlarining mazmuni va sifati, moddiy-texnik imkoniyatlar, raqamlashtirish darajasi, ish beruvchilar bilan hamkorlik hamda mehnat bozori ehtiyojlariga moslik kompleks ravishda o‘rganildi.

Umuman, nodavlat ta’lim tashkilotlarining akkreditatsiya jarayonlariga xalqaro ekspertlarni faol jalb etish milliy ta’lim sifatini ta’minlash tizimining ochiqligi, xolisligi va xalqaro mezonlarga uyg‘unligini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi. Bu esa o‘z navbatida, kadrlarni qayta tayyorlash va malaka oshirish tizimida ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish, mehnat bozori uchun talab yuqori bo‘lgan kompetensiyalarga ega mutaxassislar tayyorlash hamda raqobatbardosh inson kapitalini shakllantirishning muhim omillaridan biridir.

Powered by GSpeech