Menyu

Ish beruvchilar Buxoro davlat universiteti bitiruvchilari faoliyatiga baho bermoqda

12 Avgust, 2026

92

Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan o‘tkazilayotgan Umummilliy ish beruvchilar so‘rovnomasi doirasida Buxoro davlat universiteti bitiruvchilari faoliyat yuritayotgan tashkilotlarda amaliy o‘rganishlar olib borildi.

O‘rganishlarning dastlabki manzili Buxoro viloyati Turizm boshqarmasi bo‘ldi. Mazkur tashkilotda faoliyat yuritayotgan 10 nafardan ortiq Buxoro davlat universiteti bitiruvchisining kasbiy tayyorgarligi, amaliy ko‘nikmalari, egallab turgan lavozimlariga muvofiqligi hamda mehnat faoliyatidagi natijalari yuzasidan ish beruvchilarning fikr va takliflari ko'rib chiqildi.

Navbatdagi o‘rganish “Buxoro Varnet” agro-ekoturizm klasterida tashkil etildi. Ayni paytda korxonada 18 nafar Buxoro davlat universiteti bitiruvchisi faoliyat yuritmoqda. O‘rganish jarayonida ularning kasbiy kompetensiyalari, zamonaviy texnologiyalardan foydalanish ko‘nikmalari, amaliy tayyorgarligi hamda ishlab chiqarish jarayonlariga moslashuvchanligi bo‘yicha ish beruvchilarning baholari tahlil qilindi.

Shuningdek, “Buxoro Varnet” va Buxoro davlat universiteti o‘rtasidagi ilmiy-amaliy hamkorlikning natijalariga ham e’tibor qaratildi. Xususan, universitetning “Agrobiohimoya” laboratoriyasida yetishtiriladigan foydali entomofaglarning korxona issiqxonalarida amaliyotga joriy etilayotgani ekologik xavfsiz va sifatli mahsulot yetishtirishga xizmat qilmoqda. Mazkur hamkorlik “ta’lim – fan – ishlab chiqarish” integratsiyasining amaliy samaradorligini namoyon etuvchi muhim misollardan biridir.

Umummilliy ish beruvchilar so‘rovnomasining asosiy maqsadi bitiruvchilarning egallagan bilim, ko‘nikma va kompetensiyalarini bevosita ish beruvchilar bahosi asosida o‘rganish, ularning mehnat faoliyatidagi natijalarini tahlil qilish hamda kadrlar tayyorlash jarayonini mehnat bozori ehtiyojlariga yanada moslashtirishdan iborat.

Mazkur o‘rganishlar natijasida shakllantiriladigan ma’lumotlar ta’lim dasturlarini takomillashtirish, bitiruvchilarning amaliy tayyorgarligini kuchaytirish va ta’lim mazmunini real mehnat bozori talablariga muvofiqlashtirish bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.

Powered by GSpeech