Menyu

Ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi: “O‘ztemiryo‘lmashta’mir” AJda bitiruvchilar tayyorgarligi o‘rganildi

19 Avgust, 2026

106

Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan Toshkent davlat transport universiteti bitiruvchilarining kasbiy tayyorgarligi va mehnat faoliyatini o‘rganish maqsadida “O‘ztemiryo‘lmashta’mir” AJda ish beruvchilar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazildi.

O‘rganish jarayonida korxona mutasaddilari va mutaxassislari bilan muloqot qilinib, universitet bitiruvchilarining kasbiy bilim va amaliy ko‘nikmalari, ularning zamonaviy ishlab chiqarish talablariga mosligi hamda mehnat faoliyatidagi natijalari yuzasidan fikr-mulohazalar olindi.

Shuningdek, oliy ta’lim tashkilotida mutaxassislar tayyorlash jarayonini ish beruvchilar ehtiyojlari bilan yanada uyg‘unlashtirish, talabalarning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish va universitet bilan korxona o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Ma’lumki, “O‘ztemiryo‘lmashta’mir” AJ mamlakat temir yo‘l sohasida uzoq yillik tarixga ega korxonalardan biri hisoblanadi. Jamiyat tarixi 1900-yilda Toshkentdagi bosh temir yo‘l ustaxonalari ishga tushirilgan davrdan boshlanadi. Bugungi kunda korxona “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ tizimida harakatlanuvchi tarkibni ta’mirlash va modernizatsiya qilishga ixtisoslashgan yirik sanoat majmuasi sifatida faoliyat yuritib, ayni paytda korxonada 1,3 ming nafarga yaqin xodim mehnat qilmoqda.

“O‘ztemiryo‘lmashta’mir” AJ Toshkent davlat transport universitetining strategik hamkorlaridan biri bo‘lib, universitet bitiruvchilari uchun muhim ish beruvchilardan hisoblanadi. O‘zaro hamkorlik doirasida korxona ehtiyojlariga mos yuqori malakali muhandis-texnik kadrlarni tayyorlash, talabalarning ishlab chiqarish va bitiruvoldi amaliyotlarini tashkil etish, mutaxassislar malakasini oshirish hamda ilmiy ishlanmalarni ishlab chiqarish jarayonlariga tatbiq etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mazkur o‘rganish natijalari ish beruvchilarning bitiruvchilar tayyorgarligiga oid fikr va takliflarini tahlil qilish, ta’lim dasturlarining mehnat bozori talablariga muvofiqligini baholash hamda ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi integratsiyani yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.

Shu jihatdan, “O‘ztemiryo‘lmashta’mir” AJ Toshkent davlat transport universiteti uchun nafaqat yirik ish beruvchi, balki malakali kadrlar tayyorlashda ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni ta’minlovchi muhim amaliy hamkor hisoblanadi.

Powered by GSpeech