21 Fevral, 2026
68
Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi delegatsiyasi Italiyaga rasmiy tashrifi doirasida Oʻzbekiston va Italiya oliygohlari rektorlarining ikkinchi forumida ishtirok etdi.
Unda shaffof akkreditatsiya tizimi orqali qo'shma ta'lim dasturlarini kengaytirish imkoniyatlari bayon etildi.
Tashrif davomida Markaziy va Sharqiy Yevropa menejmentni rivojlantirish assotsiatsiyasi (CEEMAN) vakillari bilan uchrashuv o‘tkazilib, menejment yo‘nalishida xalqaro ekspertlarni jalb etish va akkreditatsiya jarayonlarini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Yevropa oliy ta’lim sifatini ta’minlash assotsiatsiyasi (ENQA) vakili hamda Italiyaning universitetlar va ilmiy-tadqiqot tizimini baholash milliy agentligi (ANVUR) bilan uchrashuv oʻtkazildi.
Muzokaralar davomida ANVUR bilan qo‘shma seminar-treninglar tashkil etish, ekspertlar almashinuvi va malaka oshirish dasturlarini yo‘lga qo‘yish va ENQA bilan akkreditatsiya jarayonlarida ilg‘or Yevropa tajribasini joriy etish boʻyicha hamkorlik oʻrnatish masalalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, xorijiy ta’lim hujjatlarini baholash, diplom va kvalifikatsiyalarni o‘zaro tan olish, akademik mobillikni qo‘llab-quvvatlash boʻyicha faoliyat yurituvchi CIMEA bilan kelishuv imzolandi.
Bu yurtimiz oliygohlari diplomining xalqaro miqyosda tan olinishi uchun muhim qadam hisoblanadi.