Menyu

Ruminiya Kasbiy ta’lim va kadrlar tayyorlashni rivojlantirish milliy markazi bilan kelishuv imzolandi

12 Fevral, 2026

57

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi bilan Ruminiya Texnik va kasbiy ta’lim va kadrlar tayyorlashni rivojlantirish milliy markazi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida tomonlar kasbiy ta’lim (TVET) tizimida ta’lim sifatini ta’minlash, milliy va xalqaro sifat kafolati mexanizmlarini uyg‘unlashtirish, shuningdek, Yevropa Ittifoqi doirasida qo‘llanilayotgan ilg‘or tajribalarni O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish masalalarini atroflicha muhokama qildilar. Xususan, kasbiy ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, baholash va monitoring qilish, o‘qituvchilar salohiyatini oshirish hamda mehnat bozori ehtiyojlariga mos kompetensiyalarni shakllantirish yo‘nalishlarida hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Ruminiya tomoni O‘zbekistonda ta’lim sifatini ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, ikki tomonlama hamkorlikni amaliy loyihalar orqali yanada rivojlantirishga tayyor ekanini bildirdi.

Uchrashuv yakunida Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi hamda Ruminiya Texnik va kasbiy ta’lim va kadrlar tayyorlashni rivojlantirish milliy markazi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur kelishuv tomonlar o‘rtasida texnik va kasbiy ta’lim sohasida tajriba almashish, qo‘shma treninglar va seminarlar tashkil etish, metodologik qo‘llanmalar ishlab chiqish hamda institutsional salohiyatni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Powered by GSpeech