Menyu

Oliy ta’lim tashkilotlarida sifat kafolati

11 May, 2026

143

Bugungi kunda O‘zbekistonda oliy ta’lim tashkilotlari tizimini tubdan modernizatsiya qilish, ta’lim sifati va xalqaro raqobatbardoshlikni oshirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. So‘nggi yillarda oliy ta’lim muassasalari sonining ortishi, yangi ta’lim yo‘nalishlari hamda dasturlarining joriy etilishi tizimda sifatni nazorat qilishning zamonaviy mexanizmlarini shakllantirish zaruratini yuzaga chiqardi. Shu nuqtai nazardan, ta’lim dasturlarini maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish jarayoni nafaqat nazorat mexanizmi, balki oliy ta’lim sifatini boshqarishning strategik vositasiga aylanmoqda.

Joriy yilning 10-may holatiga ko‘ra, Agentlikka respublika bo‘yicha 62 ta oliy ta’lim tashkilotidan jami 408 ta ta’lim dasturini maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish bo‘yicha arizalar kelib tushgan. Hozirda 55 ta oliy ta’lim tashkilotida 363 ta ta’lim dasturi bo‘yicha ichki va tashqi baholash jarayonlari olib borilmoqda. Bu ko‘rsatkichlar oliy ta’lim muassasalari tomonidan sifatni ta’minlash masalasiga bo‘lgan mas’uliyat hamda yondashuv sezilarli darajada kuchayganini ko‘rsatadi.

Maxsus davlat akkreditatsiyasi jarayoni bir necha bosqichlardan iborat bo‘lib, avvalo oliy ta’lim tashkiloti tomonidan o‘z-o‘zini baholash amalga oshiriladi. Ushbu bosqichda ta’lim dasturlarining normativ hujjatlarga muvofiqligi, professor-o‘qituvchilar salohiyati, moddiy-texnik baza, o‘quv-uslubiy ta’minot, ilmiy faoliyat natijalari, ish beruvchilar bilan hamkorlik hamda bitiruvchilarning mehnat bozoridagi natijalari chuqur tahlil qilinadi. Shundan so‘ng mustaqil ekspertlar tomonidan tashqi baholash o‘tkazilib, ta’lim dasturlarining real sifati va samaradorligi aniqlanadi.

Hududlar kesimidagi natijalar jarayonning respublika bo‘ylab keng qamrovda olib borilayotganini ko‘rsatmoqda. Eng katta ko‘rsatkich Toshkent shahrida qayd etilgan bo‘lib, bu yerda 16 ta oliy ta’lim tashkilotida 119 ta ta’lim dasturi akkreditatsiya jarayoniga jalb etilgan. Poytaxtdagi oliy ta’lim muassasalari sonining ko‘pligi, xorijiy universitetlar filiallari va nodavlat ta’lim muassasalari faoliyatining kengayishi ushbu ko‘rsatkichning yuqori bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda. Ayni paytda ayrim muassasalarda ichki baholash davom etayotgan bo‘lsa, boshqalarida tashqi ekspertiza yakuniy bosqichga yetgan.

Toshkent viloyatida 4 ta oliy ta’lim tashkilotida 22 ta ta’lim dasturi akkreditatsiyadan o‘tkazilmoqda. Ichki baholash bosqichlari to‘liq yakunlangan bo‘lib, tashqi ekspertiza ishlari izchil davom ettirilmoqda.

Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarini o‘z ichiga olgan Farg‘ona vodiysi hududlarida ham jarayonlar faol tashkil etilgan. Andijonda 4 ta oliy ta’lim tashkilotida 18 ta, Namanganda 3 ta oliy ta’lim tashkilotida 39 ta, Farg‘onada esa 2 ta oliy ta’lim tashkilotida 16 ta ta’lim dasturi akkreditatsiyadan o‘tkazilmoqda. Ayniqsa, Farg‘ona viloyatida ichki va tashqi baholash jarayonlarining yakunlanib, joyiga tashrif bosqichiga o‘tilgani tizim samaradorligini ko‘rsatadi.

Samarqand viloyatida 6 ta oliy ta’lim tashkilotida 16 ta, Buxoro viloyatida 2 ta oliy ta’lim tashkilotida 13 ta, Navoiy viloyatida esa 2 ta oliy ta’lim tashkilotida 5 ta ta’lim dasturi bo‘yicha baholash ishlari olib borilmoqda. Ushbu hududlarda asosiy e’tibor ichki sifatni boshqarish tizimlarini xalqaro mezonlarga moslashtirishga qaratilgan.

Janubiy hududlarda ham ijobiy dinamika kuzatilmoqda. Qashqadaryo viloyatida 3 ta oliy ta’lim tashkilotida 40 ta, Surxondaryo viloyatida esa 4 ta oliy ta’lim tashkilotida 34 ta ta’lim dasturi maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazilmoqda. Bu hududlarda ta’lim dasturlarining mehnat bozori ehtiyojlariga mosligi, amaliy ko‘nikmalar ulushi hamda ish beruvchilar bilan integratsiya darajasi alohida baholanmoqda.

Xorazm, Jizzax hamda Sirdaryo viloyatida baholash jarayonlari yakuniy bosqichlarga yetib kelgan. Ayrim muassasalarda ichki va tashqi ekspertiza to‘liq tugallangan bo‘lib, hozirda ekspertlarning joyiga tashrifi, shuningdek, yakuniy xulosalar tayyorlash bosqichlari amalga oshirilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham maxsus davlat akkreditatsiyasi jarayonlari muvaffaqiyatli olib borilmoqda. Hududdagi oliy ta’lim tashkilotida ichki va tashqi baholash ishlari yakunlangan bo‘lib, ekspertlarning tashrif bosqichi rejalashtirilgan. Bu esa sifatni ta’minlash tizimi mamlakatning eng chekka hududlarigacha yetib borganini ko‘rsatadi.

Ta’lim dasturlarini maxsus davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish natijasida oliy ta’lim muassasalari nafaqat mavjud kamchiliklarini aniqlash, balki o‘z rivojlanish strategiyasini qayta ko‘rib chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Eng muhimi, mazkur tizim orqali ta’lim jarayonining shaffofligi, akademik halollik, talabalar manfaatlarini himoya qilish hamda bitiruvchilarning raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha aniq mexanizmlar shakllanmoqda.

Bugungi natijalar shuni ko‘rsatadiki, O‘zbekistonda oliy ta’lim sifati endilikda faqat auditoriyalar, professor-o‘qituvchilar soni yoki o‘quv rejalari bilan emas, balki ta’lim dasturlarining real samaradorligi, mehnat bozori bilan integratsiyasi, ilmiy natijadorlik va xalqaro standartlarga mosligi orqali baholanmoqda. Bu esa milliy oliy ta’lim tizimining yangi sifat bosqichiga kirib borayotganining yaqqol ifodasidir.

Powered by GSpeech