Menyu

Ta’lim sifatini ta’minlash yo‘nalishida xodimlarning kasbiy salohiyati oshirilmoqda

19 Avgust, 2026

60

Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligida xodimlarning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini muntazam ravishda rivojlantirish, zamonaviy ta’lim jarayonlari hamda baholash mexanizmlari bo‘yicha yagona metodik yondashuvlarni shakllantirishga qaratilgan ichki malaka oshirish kurslari davom etmoqda.

Mazkur o‘quv mashg‘ulotlari Agentlik xodimlarining o‘z faoliyat yo‘nalishiga oid bilimlarini yanada chuqurlashtirish, amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda ta’lim sifatini baholash va akkreditatsiya jarayonlarida zamonaviy yondashuvlardan samarali foydalanish kompetensiyalarini rivojlantirishga qaratilgan.

Navbatdagi seminar-treningda Akkreditatsiya jarayonlarini rejalashtirish va natijalarini rasmiylashtirish guruhi rahbari Mansur Sultonov tomonidan “ECTS kredit-modul tizimi” mavzusida o‘quv mashg‘uloti tashkil etildi.

Trening davomida kredit-modul tizimining mazmun-mohiyati, uning ta’lim jarayonini tashkil etishdagi o‘rni, ta’lim natijalarini baholash hamda talabaning o‘quv yuklamasini belgilash bilan bog‘liq jihatlar yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, ECTS tizimining ta’lim dasturlarini shakllantirish, o‘quv jarayonini rejalashtirish va ta’lim sifatini ta’minlash jarayonlari bilan uzviy bog‘liqligiga alohida e’tibor qaratildi.

O‘rta maxsus va kasbiy ta’lim tashkilotlari sifatini baholash guruhi rahbari Obid Sarmanov tomonidan “Davlat ta’lim standartlari, ta’lim klassifikatorlari, ta’lim dasturlari, o‘quv reja va o‘quv dasturlari” mavzusida o‘tkazilgan mashg‘ulotda esa davlat ta’lim standartlari va ta’lim klassifikatorlarining ta’lim jarayonini tartibga solishdagi ahamiyati, ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va mazmunan shakllantirish, o‘quv reja hamda o‘quv dasturlarining o‘zaro bog‘liqligi kabi masalalar haqida ma’lumotlar berildi.

Treninglar davomida nazariy ma’lumotlar bilan bir qatorda amaliy misollar va muhokamalar asosida xodimlarning mavzu bo‘yicha bilimlarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.

Mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar mavzu yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

Powered by GSpeech