7 Fevral, 2026
462
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Taʼlim sifatini taʼminlash milliy agentligi tomonidan oliy taʼlim tashkilotlarini davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish hamda ularning milliy reytingini aniqlash jarayonlariga bagʻishlangan “Oliy taʼlim tashkilotlarida taʼlim sifati, akkreditatsiya va reyting masalalari” mavzusida amaliy uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuv doirasida mazkur yoʻnalishlarga oid muhokamalar bilan bir qatorda oliy taʼlim tashkilotlarining milliy reytingini hisoblash va akkreditatsiya jarayonlari boʻyicha amaliy mashgʻulot ham oʻtkazildi.
Tadbirda bugungi kunda oliy taʼlim tashkilotlarida talaba va professor-oʻqituvchilar oʻrtasida “Umummilliy soʻrovnoma” oʻtkazilayotgani, uning natijalari Agentlik tomonidan chuqur tahlil qilinib, oliy taʼlim tashkilotlarining milliy reytingini shakllantirishda asosiy manbalardan biri sifatida foydalanilishi qayd etildi.
Maʼlum qilinishicha, umummilliy soʻrovnoma ikki bosqichda tashkil etilmoqda. Hozirgi bosqichda soʻrovnoma talaba va professor-oʻqituvchilar oʻrtasida oʻtkazilayotgan boʻlsa, keyingi bosqichda ish beruvchilarning bitiruvchilar salohiyati boʻyicha fikrlarini oʻrganish rejalashtirilgan.
Bugungi kunga qadar umummilliy talaba va professor-oʻqituvchilar soʻrovnomasi qariyb 1 million respondentni qamrab olgan. Taʼkidlashicha, talaba va professor-oʻqituvchilarning taʼlim sifati boʻyicha fikrlari o’rganilganda yurtimiz tarixida ilk bor ushbu yuqori ishtirok koʻrsatkichi qayd etilgan.
Milliy reyting Agentlik tomonidan maxsus platforma orqali yuritilib, uni shakllantirishda oliy taʼlim, oʻrta maxsus va kasbiy taʼlim tashkilotlari umummilliy soʻrovnoma natijalari bilan bir qatorda qator mezon va indikatorlar asosida baholanadi. Baholash natijalariga koʻra eng ilgʻor oliy taʼlim tashkilotlariga “Milliy tadqiqot universiteti” maqomi beriladi.
Shuningdek, tadbirda Agentlik tomonidan taʼlim tashkilotlarini davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish jarayonlari boshlanganligi ham taʼkidlandi. Hozirda taʼlim tashkilotlaridan davlat akkreditatsiyasidan oʻtish boʻyicha arizalar Agentlikning maxsus platformasi orqali onlayn tarzda qabul qilinmoqda. Akkreditatsiyadan oʻtish uchun ariza topshirgan taʼlim tashkilotlari bilan shartnomalar imzolanib, tashqi baholash boʻyicha reja-jadval Agentlikning rasmiy veb-sahifasida eʼlon qilinishi maʼlum qilindi.
Tadbir savol-javob va muhokamalar tarzida davom ettirildi.