14 Avgust, 2026
104
Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan Umummilliy ish beruvchilar so‘rovnomasi doirasida Navoiy viloyatida Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti hamda Navoiy davlat universiteti bitiruvchilari faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlarda keng qamrovli o‘rganishlar olib borildi. O‘rganishlarning asosiy maqsadi bitiruvchilarning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligi, kasbiy tayyorgarlik darajasi, amaliy ko‘nikmalari, zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlariga moslashuvchanligi hamda ish beruvchilarning real ehtiyoj va talablarini chuqur tahlil qilishdan iborat.
Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligining mas’ul xodimi Diyor Umarov hamda universitet vakillari dastlab “Gidro Stanko Servis” korxonasida bo‘lib, korxona rahbariyati va mutaxassislari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muloqot davomida korxonada faoliyat yuritayotgan universitet bitiruvchilarining kasbiy salohiyati, ishlab chiqarish jarayonlariga moslashuvchanligi, zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash ko‘nikmalari, jamoada ishlash madaniyati hamda innovatsion yondashuvlarni qo‘llash qobiliyati yuzasidan fikr almashildi.
Ish beruvchilar tomonidan ta’lim dasturlarini takomillashtirish, amaliyot bazalarini kengaytirish, dual ta’lim elementlarini rivojlantirish, bitiruvchilarning amaliy tayyorgarligini kuchaytirish hamda korxonalar ehtiyojlariga mos kompetensiyalarni shakllantirish bo‘yicha qator taklif va tavsiyalar bildirildi. Ushbu fikr-mulohazalar ta’lim jarayonini ishlab chiqarish ehtiyojlari bilan uyg‘unlashtirishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
O‘rganishlar “Navoiy mashinasozlik zavodi” hamda “Navoiyuran” davlat korxonasida ham davom ettirildi. Yirik sanoat korxonalarida o‘tkazilgan uchrashuvlarda yosh mutaxassislarning bilim va ko‘nikmalari, ishlab chiqarishdagi faoliyati, kasbiy moslashuv darajasi hamda korxonalarning oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorligi atroflicha muhokama qilindi.
Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi bo‘lim boshlig‘i Diyor Umarovning ta’kidlashicha, Umummilliy ish beruvchilar so‘rovnomasi respublika miqyosida keng qamrovda tashkil etilgan bo‘lib, unda maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan 100 nafardan ortiq mutaxassis ishtirok etmoqda.
– Asosiy maqsad ta’lim sifatini oshirish hamda kadrlar tayyorlash tizimini mehnat bozori talablariga mos ravishda tashkil etishdan iborat. So‘rovnoma natijalari kelgusida oliy ta’lim muassasalari milliy reytingida ham inobatga olinadi”, – deydi D.Umarov.
So‘rovnoma doirasidagi navbatdagi uchrashuv Navoiy davlat universitetida bo‘lib o‘tdi. Unda universitet rahbariyati, mas’ul xodimlari hamda Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi vakillari ishtirokida ta’lim dasturlarini mehnat bozori talablariga moslashtirish, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash va ish beruvchilar bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, Navoiy viloyati Madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Nodir Niyazov bilan o‘tkazilgan uchrashuvda madaniyat tizimida faoliyat yuritayotgan bitiruvchilarning kasbiy tayyorgarligi, amaliy ko‘nikmalari va ijodiy salohiyati yuzasidan fikr almashildi. Boshqarma rahbari bitiruvchilarning bilim va malakasiga ijobiy baho berar ekan, zamonaviy mehnat bozori sharoitida kreativ fikrlash, tashabbuskorlik va innovatsion yondashuv kabi kompetensiyalarni rivojlantirish muhimligini alohida ta’kidladi.
Bugungi kunda Navoiy viloyati Madaniyat boshqarmasi va uning tasarrufidagi tashkilotlarda 700 nafardan ortiq Navoiy davlat universiteti bitiruvchilari faoliyat yuritmoqda. Ularning 50 nafarga yaqini 2024/2025-o‘quv yili bitiruvchilari hisoblanadi.
E’tiborlisi, 2024/2025-o‘quv yilida Navoiy davlat universitetini tamomlagan 5 mingdan ortiq bitiruvchining 97 foizi ish bilan ta’minlangan.