21 May, 2026
68
Mamlakatimizda kasbiy ta’lim tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, ta’lim sifatini oshirish hamda mehnat bozori talablariga mos malakali kadrlar tayyorlash borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu esa kasbiy ta’lim tizimida ta’lim sifatini ta’minlash va samarali sifat kafolati mexanizmlarini joriy etish zaruratini kuchaytirmoqda.
Shu maqsadda ta’lim sifatini ta’minlash va uni e’tirof etishning yangi mexanizmlari joriy qilinib, ta’lim tashkilotlarini maxsus va kompleks davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur jarayonlar kasbiy ta’lim muassasalarida ta’lim sifati, o‘quv-uslubiy ta’minot, moddiy-texnik baza, pedagog kadrlar salohiyati hamda amaliy tayyorgarlik tizimini kompleks baholash imkonini bermoqda. Shu bilan birga, akkreditatsiya mexanizmi texnikumlar faoliyatida ochiqlik, shaffoflik va sifat madaniyatini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Joriy yilning may oyi holatiga ko‘ra, kompleks davlat akkreditatsiyasidan o‘tish uchun respublika bo‘yicha 37 ta texnikumdan jami 365 ta ta’lim dasturi bo‘yicha arizalar kelib tushgan. Shuningdek, maxsus davlat akkreditatsiyasi uchun 1 ta texnikum tomonidan 5 ta ta’lim dasturi yuzasidan murojaat qilingan. Ayni paytda 23 ta texnikumda ichki va tashqi baholash jarayonlari amalga oshirilmoqda.
Hududlar kesimida akkreditatsiya jarayonlari izchil davom etmoqda. Jumladan, Toshkent shahridagi 4 ta texnikumda jami 43 ta ta’lim dasturi bo‘yicha kompleks davlat akkreditatsiyasi amalga oshirilayotgan bo‘lsa, Buxoro va Farg‘ona viloyatlaridagi 2 tadan texnikumda 26 tadan ta’lim dasturi baholanmoqda. Toshkent viloyatida 33 ta, Navoiy viloyatida 19 ta, Xorazm va Jizzax viloyatlarida 18 tadan, Andijon viloyatida esa 15 ta ta’lim dasturi akkreditatsiya jarayonlariga jalb etilgan. Shu bilan birga, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo hamda Qashqadaryo viloyatlaridagi texnikumlarda ham baholash ishlari davom etmoqda.
Xalqaro tajribada akkreditatsiya jarayonlari ta’lim muassasasini faqat nazorat qilish vositasi sifatida emas, balki unda doimiy rivojlanish, sifat madaniyati va ichki sifat kafolati tizimini shakllantirish mexanizmi sifatida qaraladi. Rivojlangan davlatlarda aynan akkreditatsiya orqali ta’lim dasturlarining mehnat bozori ehtiyojlariga mosligi, bitiruvchilarning raqobatbardoshligi va amaliy ko‘nikmalarining sifati baholanadi.
Mamlakatimizda joriy etilayotgan zamonaviy akkreditatsiya tizimi ham ana shu tamoyillarga asoslanmoqda. Endilikda texnikumlar faoliyati nafaqat hujjatlar yoki statistik ko‘rsatkichlar asosida, balki amaliy natijalar, ish beruvchilar bilan hamkorlik, bitiruvchilarning bandligi hamda ta’lim jarayonining real sifati asosida kompleks baholanmoqda.
Bu esa kasbiy ta’lim tizimida zamonaviy sifat kafolati mexanizmlarini joriy etish, xalqaro standartlarga mos ta’lim muhitini yaratish hamda iqtisodiyot tarmoqlari uchun malakali va raqobatbardosh kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Eng muhimi, bugungi akkreditatsiya jarayonlari texnikumlarni faqat baholash emas, balki ularni rivojlantirish, sifatni doimiy oshirib borishga undash va ta’lim tizimida yangi sifat bosqichini shakllantirishga xizmat qilmoqda.