O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ta’lim sifatini ta’minlash va ta’lim xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2025-yil 5-maydagi PF–76-son Farmoniga muvofiq Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligiga ta’lim sifatini ta’minlash yo‘nalishida xalqaro aloqalarni kengaytirish, sifatni baholash sohasidagi xalqaro tashkilotlarga a’zo bo‘lish hamda milliy akkreditatsiya tizimining xalqaro darajada tan olinishini ta’minlash belgilangan. Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim sifatini ta’minlash sohasida xalqaro integratsiyasini kengaytirish hamda milliy akkreditatsiya tizimini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish uchun Agentlik tomonidan Oliy ta’limda sifatni ta’minlash agentliklarining xalqaro tarmog‘i (International Network for Quality Assurance Agencies in Higher Education – INQAAHE) bilan muzokaralar olib borilib, joriy yilning 4-may kuni mazkur tarmoqqa rasmiy to‘liq a’zoligiga erishildi.
INQAAHE 1991-yilda tashkil etilgan bo‘lib, hozirgi kunda 140 dan ortiq mamlakatdan 300 dan ziyod sifat ta’minoti agentliklarini birlashtiradi. Bosh ofisi Barselona (Ispaniya) shahrida joylashgan. Mazkur tarmoq oliy ta’lim sifatini ta’minlash sohasida global hamkorlikni rivojlantirish, ilg‘or amaliyotlarni almashish hamda umumiy yondashuvlarni shakllantirishga xizmat qiluvchi yetakchi xalqaro platformalardan biri hisoblanadi. Tarmoq doirasida har yili xalqaro konferensiyalar, seminarlar va trening dasturlari tashkil etilib, a’zo tashkilotlar o‘rtasida tizimli tajriba almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan.
Agentlikning ushbu tarmoqqa to‘liq a’zo bo‘lishi O‘zbekiston Respublikasining ta’lim tizimini xalqaro darajada institutsional tan olinishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
INQAAHEning markaziy vazifasi oliy ta’limda sifatni ta’minlash sohasida faol xalqaro hamjamiyatni qo’llab-quvvatlash orqali oliy ta’lim sifatini rivojlantirish va takomillashtirishdan iborat. Tarmoq o’z faoliyatida sifatni ta’minlash nazariyasi va amaliyotini rivojlantirish, a’zolar siyosati va faoliyatini o’zaro tushunish va almashish, shuningdek, oliy ta’lim muassasalari, talabalar va jamiyat manfaatlari yo’lida sifatni ta’minlashni ilgari surishga e’tibor qaratadi.
INQAAHE a’zolik tizimi bir nechta toifalardan iborat. Rasmiy mezonlarga ko’ra, Full Members — oliy ta’lim muassasalari yoki ta’lim dasturlarining sifatini tashqi baholash, akkreditatsiya, audit yoki boshqa baholash shakllari orqali ta’minlash uchun mas’ul bo’lgan tashkilotlardir. Bundan tashqari, INQAAHE tarkibida GGP Aligned Members, Associate Members va Affiliate Members toifalari ham mavjud.
INQAAHE doirasida sifatni ta’minlash agentligi sifatida to’laqonli ishtirok etish imkonini beradi. Full member maqomidagi tashkilotlar INQAAHEning qaror qabul qilish jarayonlarida ishtirok etishi, General Assembly hujjatlaridan foydalanishi, INQAAHE tadbirlarida qatnashishi yoki ularni mezbon sifatida tashkil etishi, shuningdek, INQAAHE veb-sayti orqali o’z tadbirlarini targ’ib qilishi mumkin.