Menyu

Ta’lim sifatini ta’minlash sohasida Yaponiya bilan hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

19 Dekabr, 2025

8

Tokio shahrida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi hamda Yaponiya universitetlarni akkreditatsiyadan o‘tkazish assotsiatsiyasi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida oliy ta’lim sifatini ta’minlash sohasida xalqaro tajribalarni joriy etish, milliy tizimni xalqaro talablar va ilg‘or amaliyotlarga moslashtirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Xususan, mahalliy ekspertlar va Agentlik xodimlari uchun amaliyot va malaka oshirish dasturlarini hamkorlikda ishlab chiqish masalasi muhokama qilinib, mazkur yo‘nalishda yaqin va tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Ma’lumot uchun, Yaponiya universitetlarni akkreditatsiyadan o‘tkazish assotsiatsiyasi 1947-yilda 46 ta universitet tashabbusi bilan tashkil etilgan bo‘lib, tashkil etilgan davridan buyon Yaponiyada oliy ta’lim sifat standartlarini shakllantirish va rivojlantirishda muhim rol o‘ynab kelmoqda. Assotsiatsiya tomonidan dunyo reytinglarida 26-o‘rinni egallagan Tokyo universiteti hamda 61-o‘rinda turuvchi Kyoto universiteti kabi nufuzli oliy ta’lim muassasalarining bir qator fakultetlari akkreditatsiyadan o‘tkazilgan.

Uchrashuvda Yaponiya tomoni o‘zining nufuzli xalqaro tarmoqlardagi tajribasiga tayangan holda, Agentlikka ta’lim sifatini ta’minlash tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish, institutsional salohiyatni mustahkamlash, shuningdek, kelgusida mazkur nufuzli xalqaro tarmoqlarga a’zo bo‘lish jarayonlarida maslahat va metodik ko‘mak ko‘rsatishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.

Mazkur uchrashuv ta’lim sifatini ta’minlash sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda milliy tizimni ilg‘or xalqaro tajribalar asosida takomillashtirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Powered by GSpeech